Avval xabar berganimizdek, 12-15 may kunlari Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan XVIII xalqaro futbol turnirida Mehribonlik uylarining 11-12 yoshli tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etib, musobaqaning mutlaq g‘olibligini qo‘lga kiritgan edi.
Bugun Xalqaro aeroportda g‘oliblar tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng Xalq ta’limi vazirligida vazir va g‘olib o‘quvchilarning uchrashuvi o‘tkazilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
8 ta o‘yinning barchasini g‘alaba bilan yakunlagan bolalar vazir bilan suhbatda o‘zlarining hayajonlari bilan o‘rtoqlashdilar. Vazir ularni g‘alaba bilan qutlar ekan, murabbiylariga alohida minnatdorlik bildirdi hamda bolalarni professional futbol bilan shug‘ullanishlari uchun O‘zbekiston Futbol Federasiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.